Sayt orqali pul ishlash savol-javobi

 

 

Internet orqali pul ishlab topishning asosiy ulushi shaxsiy sayt orqali olinadigan davomadga to’g’ri keladi. Internet biznesga endi kirib kelayotgan, o’z shaxsiy saytiga endi ega bo’lib, u orqali daromad olish istagida bo’lganlarda sayt orqali pul ishlash yuzasidan juda ko’p savollar paydo bo’ladi. Saytim orqali bu sohani bir yildan oshiq vaqt mobaynida yoritib borayapman va shu vaqtga qadar menga bu sohaga oid turli savollar bilan murojaat qilishgan. Quyida sayt orqali, o’z shaxsiy saytiga ega bo’lgan holda pul ishlab topishga oid eng ko’p soraladigan savollarga batafsil javob yozmoqchiman.

Sayt orqali qanday qilib pul ishlash mumkin?

O’zingizning shaxsiy saytingiz bo’lsa, u orqali pul ishlab topishingiz hech narsa bilan chegaralanmaydi. Sayt orqali pul topish ko’proq o’zingizning tasavvuringizga bog’liq. Bu yo’nalish faqat ma’lum turdagi ishlarni o’z ichiga olgan soha emas. Sayt orqali pul ishlab topish uchun kishi kengroq fikrlashi, ijtimoiy ananalar tomonidan o’rnatilgan chegaralarni buzib chiqa olishi kerak. Agar boshqalar «Bu axmoqlik, bunaqa yo’l bilan pul topib bo’lmaydi!» degan vaziyatda Siz shu yo’l bilan pul topa olish mumkinligiga ishonsangiz, demak internet biznesda kelajagingiz borligiga ishonish mumkin. Aksincha, hamma tengi faqat ko’rinib turgan yo’ldan yura olib, o’z yo’nalishingizni yarata olmas ekansiz, yaxshisi internet biznes haqida o’ylamay boshqa ish bilan shug’ullanishingiz yaxshiroq.

Sayt orqali pul topishning usullari va imkoniyatlari juda ko’p. Ulardan eng ko’p tarqalganlari:

  • Saytda reklamalar joylashtirish orqali pul ishlash;
  • Saytda maxsulotlar sotish orqali pul ishlash;
  • Sayt orqali xizmat ko’rsatib pul ishlash;
  • Sayt ma’lumotlaridan foydalanganlik uchun pul talab qilish.

Saytingizda reklama joylashtirish orqali pul ishlamoqchi bo’lsangiz, birinchi e’tiborni saytga tashrif yuburuvchilar soniga qaratishingiz kerak bo’ladi. Saytingizga qanchalik ko’p odam kirsa, unga joylashtiriladigan reklama narxi ham shuncha yuqori bo’ladi. Saytingiz WWW.UZ reytingida birinchi o’ringa ko’tarila olsa, bitta 728×90 hajmli reklama joylash uchun 1 million so’m talab qilishga haqliman, deb hisoblashingiz mumkin. Saytingizda boshqa hajmli reklamalar uchun ham joy bo’ladi. Demak, bir oyda tahminan 3-5 million so’mgacha reklamadan daromad olishingiz mumkin.

Sayt orqali maxsulotlar sotish hozircha O’zbekistonda juda rivojlanmagan. Ammo xorijiy saytlarda internet savdo, ayniqsa ma’lumot savdosi juda ommalashgan. Men saytim orqali o’zim yozgan kitoblarni sotayapman. Bu ham sayt orqali elektron maxsulotlar sotishga bir misol bo’la oladi. Agar Sizda ham saytingiz orqali sotishingiz mumkin bo’lgan maxsulot topilsa, uni harid qiluvchilar albatta topiladi. Ammo yodingizda bo’lsin, sotiladigan maxsulot shaxsiy intellektual mulkingiz bo’lishi shart. Kimningdir ijodiy ishini sotishingiz qonunda ta’qiqlangan jinoyat hisoblanadi. Bu sohaga kirshishdan oldin Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risidagi Qonunni o’qib chiqishingizni tavsiya etaman.

Sayt orqali xizmat ko’rsatish sohasi ham O’zbekiston uchun yangi yo’nalish. Gilam yuvish va boshqa klining xizmatlarini taklif etuvchi o’zbek saytlarini ko’rganman. Bu ham sayt orqali xizmat taklif qilishga misol bo’ladi oladi. Ammo sayt orqali xizmat ko’rsatish yordamida pul ishlash, deganda men boshqacharoq yo’nalishdagi xizmatlarni tasavvur qilaman. Masalan, saytlarga texnik xizmat ko’rsatish, konsalting xizmati, online yordam va boshqalar.

Sayt ma’lumotlaridan foydalanish uchun to’lov talab qilish orqali pul ishlash yo’nalishidagi saytlar bizda juda kam. Bir oyda ma’lum miqdorda pul to’lab olinadigan login/paroli yordamida saytdan foydalanish, parol bilan ximoyalangan ma’lumotlarni olish… bularning barchasi aynan shu xizmat turiga misol bo’ladi oladi. Bundan tashqari Odnoklassniki saytidagidek OK birliklarini sotish, saytda ma’lum qo’shimcha qulayliklarga ega bo’lish uchun to’lovlar va hokazo usullardan foydalanishingiz ham mumkin.

Xullas, sayt orqali pul ishlab topish usullarini o’ylab topish o’zingizga bog’liq. Ma’lum bir chegaralangan qonun-qoida yo’q. Qanchalik antiqa va yangi usullarni o’ylab topsangiz, biznesingiz shunchalik muvaffaqiyatli bo’ladi. Shunday ekan, bundan keyin «Saytdan qanday qilib pul ishlasam bo’ladi?» degan savolni avval o’zingizdan so’rang.

Saytdan ishlangan pul qayerga tushadi? Uni qanday olaman?

Saytdan keladigan pullarni qayerga tushirib olish masalasi sayt orqali qanday qilib pul ishlash haqida bir qarorga kelganingizdan keyin boshlanadi. Bu masala yechimi ham, yuqorida aytganimizdek, o’zingizning tasavvuringiz va qanchalik darajada yaratuvchan bo’la olishingizga bog’liq. Shaxsan men endigina bu sohaga kirib kela boshlaganimda saytimda keladigan pullarni qanday qilib olishni bilmasdim: Termizgacha pulni taksida berib yuborish juda noqulay, pochta jo’natmasi orqali olish bir oz qimmat, Paynet orqali telefon raqamimga tashlatish esa umuman bema’ni usul bo’lib tuyulardi. Shundan so’ng har oyda internetim uchun to’lov qilishim haqida o’ylab ko’rdim. Agar to’lovlarni internet xisobimga Paynet orqali tushurtirsam, saytimdan keladigan daromad internetimni ta’minlab turadi va yaxshiroq to’lovlar qabul qilish imkoniyati tug’ilgunicha saytim uydagi internetimning doimiy ishlashi uchun xizmat qiladi, degan qarorga keldim. Saytim orqali keladigan barcha pul: reklama to’lovlari, saytlarga xizmat ko’rsatish to’lovlari, sayt tayyorlash to’lovlari va boshqalar Paynet yordamida internet xisob raqamimga to’lanadigan bo’ldi. Hozirgacha ham internetim shu tushgan pullar asosida ishlaydi – bir yildan buyon internet uchun to’lamayman va hozirgacha bir oz qoldiq ham qolgan:

Saytingiz orqali keladigan pullarni qanday qilib olish haqida yaratuvchanlik bilan yondoshgan holda o’ylab ko’ring: Qanday qilib foydalanuvchilaringizdan naqd pulni muammolarsiz, tashvishlarsiz olishingiz mumkin? Paynet orqali qanday qilib to’lov qildirshingiz VA (eng muhimi) bu tushgan pullarni qanday qilib naqd qilib olishingiz mumkin? To’lov uchun yana qanday usullarni o’ylab topa olasiz?

Keyinchalik, internet biznesingiz yaxshi rivojlanib ketsa, Click, UzCard, SMSTo’lov kabi tizimlardan biriga ulanib olishingiz va ishingizni davom ettirishingiz mumkin bo’ladi. Albatta, bu tizimlarga ulanishingiz uchun MCHJ yoki YaTT ochishingiz talab etiladi. Sayt orqali daromadingiz oshgan sari yuridik shaxs sifatida faoliyatdan soliq to’lashingiz ham shunchalik osonlashadi. Ammo hali yaxshi daromad yo’nalishini qurib olmasdan turib yuridik shaxs maqomini olib, hali pul to’laydigan foydalanuvchilarga ega bo’lmasdan turib butun boshli tizimga ulanib, soliqlarni to’lay olmasdan qiynalib yurmang. Muhimi boshlanishida arzimas bo’lsa ham summani arzimaydigan bo’lsa ham biror joyga olish orqali foyda ko’rib, keyin katta qadamlar haqida o’ylash kerakligini unutmang.

Sayt orqali pul ishlash uchun qayerdan ruxsat olishim kerak?

Albatta, qonunga ko’ra barcha turdagi xizmat ko’rsatish va savdo faoliyati litsenziyalangan bo’lishi kerak, soliqlar to’lanishi kerak va qonunda ko’rsatilgan barcha xujjatlarga ega bo’lishingiz kerak. LEKIN, sayt ochish va saytga egalik qilish uchun hech qanday xujjat, yoki maxsus ruxsatnoma olishingiz shart emas. Saytingizni O’zbekiston hostinglaridan birida joylashtiring, .uz domeni oling va ishni boshlang – hech qanday muammo bo’lmaydi! Sayt orqali kichik daromadlaringizni, yuqorida yozganimdek, boshlanishiga Paynet orqali yoki taksi orqali qabul qilayotgan bo’lsangiz, hech qanday xujjat qilishingiz, soliq to’lashingiz shart emas. Ammo saytingiz biznesi kattaroq bosqichga o’tsa, ko’proq, kattaroq daromad olishni boshlasangiz, qonunga muvofiq yuridik shaxs maqomini olishingiz, bankdan xisob raqam ochishingiz va to’lovlarni Paynet, Click yoki shuncha o’xshash tizimlarga ulanib olishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi.

Ko’pchilik sayt orqali xizmat ko’rsatish, yoki ma’lumotlar savdosini amalga oshirish faoliyatlari uchun litsenziya talab qilinmaydi. Qaysi sayt faoliyati uchun qanday litsenziya olish kerakligi haqida o’zingiz yashab turgan joyda joylashgan «Aloqa va axborotlashtirish agentligi» orqali ma’lumot olishingiz mumkin.

Muhimi, qonuniy ishlang va qonunga qarshi bo’lgan ma’lumotlarni saytingizda chop etmang. Keyinchalik esa, saytingizdan keladigan daromad ko’paygan vaqtda, hech qanday muammosiz ishlashingiz qonunda ko’rsatilgan soliqlarni to’lashingizga arzishini o’zingiz ham tushunib yetasiz.

Saytga 100 ta odam kirsa menga pul to’lashadimi?

Saytga kiruvchilar, tashrif buyuruvchilar soni saytning qanchalik mashxur ekanligini ko’rsatuvchi o’lchov hisoblanadi. Saytingizga qanchalik ko’p odam kirsa, unda sotilishi mumkin bo’lgan maxsulotlarni harid qiluvchilar ko’payishiga shuncha imkoniyat tug’iladi. Qanchalik ko’p foydalanuvchi yig’sangiz, reytinglardagi o’rningiz shuncha yuqorilaydi va saytingizga reklama joylashtirish narxlari ham shuncha qimmatlashadi. Ammo hech qanday sababsiz saytingizga kirgan odamlar soni uchun hech kim Sizga pul to’lamaydi. Saytga tashrif buyuruvchilar sonini ko’paytirishdan asosiy maqsad – uni mashxur qilish va saytning daromad keltirish imkoniyatlarini oshirishdir.

Yuqoridagi savollarda aytib o’tilganidek, saytingizga hech kim shunchaki pul to’lamaydi. Siz sayt orqali pul ishlab topish uchun avval pul keltiradigan g’oyalaringizni saytda joriy qilishingiz kerak. Yaratuvchanlik bilan o’ylashingiz kerak. Saytga tashrif buyuruvchilar soni ana shu taklif qilinayotgan pulli xizmatlar savdosini qanchalik rivojlantirishiga qarab samarali hisoblanadi. Agar bir saytga bir kunda bir millionta odam kirsayu, unga hech kim reklama joylashtirmasa, sayt bu ko’rsatkichdan hech qanday foyda ololmaydi. Ammo bitta saytga bir kunda 50 kishi kirsayu, shu tashrif buyuruvchilardan 10 tasi saytdan nimadir harid qilsa, bu sayt avvalgisidan ancha ko’proq pul ishlab topayotgan hisoblanadi.

Shu yo’nalishda qo’shimcha ma’lumot sifatida mana bu maqolani o’qishingiz mumkin.

Saytim mashxur bo’lsa kompaniyalar menga pul to’laydimi?

Bir kishi menga shu savol bilan murojaat qilgandi. U saytiga tashrif yuburuvchi kishilar uchun Beeline, Ucell, Uztelecom yoki shunga o’xshash kompaniyalar pul to’laydimi, yo’qmi – shuni bilmoqchi edi.

Hamma gap saytingizning reklama qila olish imkoniyatida. Hech qaysi kompaniya Sizga saytingizga kiruvchi bir necha odam uchun pul to’lamaydi. Kompaniyalar uchun reklama qilish imkoniyati kerak. Saytingiz ular uchun o’z maxsulot yoki xizmatlarini millionlab kishilarga ko’rsatish imkonini beruvchi bir maydon hisoblanadi. Siz millionlab odamni saytingizda jamlashning uddasidan chiqing, kompaniyalarning o’zlari Sizni izlab topishadi va o’zlari katta pul taklifi bilan saytingizda reklama joylashtirishadi.

Saytning Uztelecom hostingida joylashganligi saytga kiruvchi odamlar soni uchun Uztelecom sayt egasiga qanchadir to’lashini anglatmaydi. Bu oddiy hosting biznesidan boshqa narsa emas: sayt egasi hosting uchun pul to’laydi, hosting esa shu saytni internetda ushlab turadi. Saytga pul to’laydigan kompaniyalar esa butunlay boshqa maqsadda – o’zlarining reklamalarini ommalashtirish maqsadida pul to’lashadi. Demak, shunchaki saytga ega bo’lish emas, balki uni ko’p sonli foydalanuvchilar ichida mashxur qilish ham muhim vazifalardan biri ekan.

 

Sayt orqali pul ishlashni asosiy daromadga aylantirish mumkinmi?

Mumkin. Juda qiyin, ammo mumkin. Eng mashxur saytlar haqida bir o’ylab ko’ring: Odnoklassniki, Facebook, Yagoo, Google, VK… Ularni ham Siz va menga o’xshash kimdir tayyorlagan, yuritgan va shu darajagacha olib chiqqan. Hozirgi kunda sutkasida millionlab dollar aylanmasiga ega bo’lgan bu saytlar ham qachonlardir 50-100 kishi orasida mashxur bo’lgan, xolos. Bugungi kunda bu saytlar faqat bir kishini emas, balki butun boshli kompaniyalarni asosiy daromad bilan ta’minlab kelayapti.

Siz o’z saytingizga ega bo’ldingizmi, demak birinchi qadamni qo’yibsiz. Saytingdan keladigan daromadni asosiyga aylantirishda shoshilishga urinmang. Hammasi mehnat, vaqt va tajriba orttirishni talab qiladi. Hozircha asosiy ishingizga qo’shimcha sifatida saytingiz orqali oladigan daromadingizga qanoat qiling. Vaqti kelganda u Sizning asosiy daromad manbaingizga aylanadi. Muhimi, hammasi o’zingizga bog’liq ekanligini unutmang.

Men internetda pul topishga yoshlik qilmaymanmi?

Hosting va domenni o’z nomingizga ro’yxatdan o’tkazish uchun albatta pasportga ega bo’lishingiz kerak. Agar pasportingiz bo’lda, demak Siz o’z saytingizga ega bo’lishingiz mumkin. Hali pasport olish yoshiga yetmagan bo’lsangiz va o’z saytingizga ega bo’lishni juda xohlasangiz, ota-onangiz, aka-opangiz yoki boshqa biror yaqin tanishingizning ruxsati bilan, ularning pasportlaridan foydalanib sayt ochishingiz ham mumkin. O’z saytingizga ega bo’lishingizda yoshingiz hech qanday to’siq bo’la olmaydi.

O’z saytiga ega bo’lgan kishi albatta har qanday usulda sayti orqali pul ishlab topishni yo’lga qo’yishi mumkin. Yuqoridagi savollarga javob tariqasida ta’kidlanganidek, hammasi o’zingizning yaratuvchangligingiz va fikrlashingizga bog’liq. Internet orqali pul topishga hech qachon yoshlik qilmaysiz. Aql yoshda emas, boshqa bo’lgani kabi, bu sohada ham yosh hech qanday chegarani belgilab bermaydi. Necha yoshda bo’lishingizdan qat’iy nazar, qobiliyatingiz va bilimingizni ishga solsangiz, internet orqali yaxshi daromad olishingiz mumkin. Ammo bu uchun ko’p o’qish, o’rganish va ilmni oshirish talab etilishini ham unutmang.

Yosh ekanligingiz haqida o’ylamasdan bor imkoniyatingizdan foydalanib o’z saytingizni oching, unda bor qobiliyatingiz va bilimingizni namoyish etish. Ishonamanki, albatta o’z maqsadingizga erishasiz.

 

Manba : Azamat.uz

Author

2 comments

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan